Funksiya — dasturlashning ustunlaridan biri. Funksiyani tushunmasdan turib jiddiy loyiha yozib bo’lmaydi. Ular kodni takrorlashdan qutqaradi, uni bo’laklarga ajratadi va o’qishni osonlashtiradi. Dart’da funksiyalar birinchi darajali obyektlar — ularni o’zgaruvchiga saqlash va boshqa funksiyaga uzatish mumkin.
Funksiya — ma’lum bir vazifani bajaradigan, nom bilan atalgan va qayta-qayta chaqirsa bo’ladigan kod bloki. U parametr qabul qiladi va natija qaytaradi.
Funksiya yaratish va chaqirish
Dart’da funksiya qaytish_turi nom() { ... } shaklida e’lon qilinadi. void — hech narsa qaytarmasligini bildiradi:
void salomlash() {
print("Assalomu alaykum, UzbekDevs!");
}
void main() {
salomlash();
salomlash();
}
Assalomu alaykum, UzbekDevs!
Assalomu alaykum, UzbekDevs!
void salomlash() funksiyani e’lon qildi, salomlash() esa uni chaqirdi. Bir marta yozilgan kodni ikki marta ishlatdik.
Parametr va natija
Funksiya parametr qabul qilib, return orqali natija qaytaradi:
int yigindi(int a, int b) {
return a + b;
}
void main() {
int natija = yigindi(15, 27);
print(natija);
print(yigindi(100, 200));
}
42
300
int yigindi(int a, int b) — ikki butun son qabul qilib, butun son qaytaradigan funksiya. return qiymatni tashqariga chiqaradi.
Nomlangan parametrlar
Dart’ning o’ziga xos imkoniyati — nomlangan parametrlar. Ular jingalak qavs { } ichida yoziladi va chaqiruvda nomi bilan beriladi:
void malumot({String? ism, int? yosh}) {
print("$ism, $yosh yosh");
}
void main() {
malumot(ism: "Farrux", yosh: 26);
malumot(yosh: 30, ism: "Master Sherkulov");
}
Farrux, 26 yosh
Master Sherkulov, 30 yosh
Nomlangan parametrlar tartibsiz berilishi mumkin (yosh avval, ism keyin) va kodni o’qiladigan qiladi. Bu Flutter’da juda ko’p ishlatiladi.
Standart qiymatli parametr
Parametrga standart qiymat berish mumkin. Chaqiruvda u berilmasa, standart ishlatiladi:
void salomlash({String ism = "mehmon"}) {
print("Salom, $ism!");
}
void main() {
salomlash();
salomlash(ism: "Farrux");
}
Salom, mehmon!
Salom, Farrux!
Xulosa
Bu bo’limda funksiya e’lon qilish, return, nomlangan parametrlar ({ }) va standart qiymatlarni ko’rib chiqdik. Nomlangan parametrlar — Dart va Flutter’ning muhim xususiyati. Keyingi darsda arrow, anonim va ichma-ich funksiyalarga o’tamiz.