Sintaksis — tilning grammatikasi, ya’ni kodni qanday yozish kerakligini belgilaydigan qat’iy qoidalar. C# sintaksisi C++ va Java’ga o’xshaydi: hamma narsa sinf ichida, har bir buyruq nuqta-vergul bilan tugaydi. Bu tuzilishni tushunmasdan turib keyingi darslarni o’zlashtirib bo’lmaydi.
Sintaksis — dasturlash tilida belgilar, kalit so’zlar va tuzilmalarni to’g’ri joylashtirish qoidalari. C#’da sintaktik xato kodni kompilyatsiya bosqichidayoq to’xtatadi.
Dastur tuzilishi
To’liq C# dasturining tuzilishini qismlarga ajratamiz:
using System;
class Program
{
static void Main()
{
Console.WriteLine("UzbekDevs bilan C#");
}
}
UzbekDevs bilan C#
Har bir qismning vazifasi bor:
using System;— kerakli kutubxonani ulaydi (Consoleshu yerda).class Program— sinf e’loni; C#’da kod sinf ichida yashaydi.static void Main()— dasturning boshlanish nuqtasi.{ }— jingalak qavslar blok chegarasini belgilaydi.
Nuqta-vergul
C#’da har bir buyruq nuqta-vergul (;) bilan tugaydi. Uni unutish eng ko’p uchraydigan xato:
using System;
Console.WriteLine("Birinchi qator");
Console.WriteLine("Ikkinchi qator");
Birinchi qator
Ikkinchi qator
Har bir buyruq ; bilan yakunlandi. Nuqta-vergulsiz kod kompilyatsiya qilinmaydi.
Katta-kichik harf farqlanadi
C# katta-kichik harfni qat’iy farqlaydi. Main, main va MAIN — uch xil nom. C#’da o’ziga xoslik: ko’plab standart elementlar bosh harf bilan boshlanadi (Console, WriteLine):
using System;
int yosh = 26;
int Yosh = 30;
Console.WriteLine(yosh + " " + Yosh);
26 30
yosh va Yosh — ikki xil o’zgaruvchi. Bu qoidani unutish tushunarsiz xatolarga olib keladi.
Nomlash uslubi
C#’ning o’ziga xos nomlash konvensiyasi bor. Metodlar va sinflar PascalCase (Main, WriteLine), o’zgaruvchilar esa camelCase (foydalanuvchiYoshi) bilan yoziladi. Bu uslub C#’ni C++ va Java’dan biroz farqlaydi va rasmiy .NET qoidalari hisoblanadi.
Xulosa
Bu bo’limda C# dasturining tuzilishini, using, sinf va Main metodi, nuqta-vergulning roli, katta-kichik harf farqi va nomlash uslubini ko’rib chiqdik. Sintaksis — bu qat’iy grammatika. Keyingi darsda chiqarish operatoriga o’tamiz.